2019 yilning 1 sentyabridan Toshkentda oliygohlar soni yana 1 ta ga ko‘payadi. AKFA universiteti 2019/2020 o‘quv yilida 200 nafar talabani qabul qiladi. Bu va boshqa ma’lumotlarga poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan AKFA universiteti ochilishi bo‘yicha matbuot anjumanida batafsil to‘xtalib o‘tildi.

Ahamiyatli tomoni, kvotaga ko‘ra 100 nafar o‘zbekistonlik talaba bepul (merit based scholarships), 100 nafar xorijlik talaba esa to‘lov-shartnoma asosida tahsil oladi.

Universitet fundamental, tibbiyot, aniq va gumanitar fanlar sohasida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlaydi.

Ta’lim maskani xorijiy mutaxassislarni, shunigdek, xorijda faoliyat yuritayotgan vatandoshlarimizni jalb etgan holda yetakchi xorijiy oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqod muassasalari, xususan, Koreya Respublikasining Gachon universiteti bilan keng hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi.

Oliygohda ta’lim jarayoni ingliz tilida tashkil etiladi va 6 yil davom etadi (2 yil tibbiy tayyorlov kurslari, 4 yil tibbiy kurslar).

Universitet bitiruvchilariga O‘zbekiston Respublikasida oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat sifatida e’tirof etiladigan diplom beriladi.

Universitetda ta’lim olish kunduzgi shaklda amalga oshiriladi.

O‘quv maskani binosi Shayxontohur tibbiyot kolleji binosi o‘rnida joylashadi. Rekonstruksiya ishlari va texnik ta’minot uchun mazkur loyihaga 5 million AQSh dollari miqdorida sarmoya kiritiladi.